#CHELLENDJ

Video lavhalar

IZHORI DIL

Ko‘hna tolbeshikdan
Boshlangan olam.
Senga iddaolar
Qilmay sevaman.
Bir kuni singlim, deb,
Bir kuni onam –
Vatan,
Kimligingni
Bilmay sevaman!..

To‘zg‘iydi to‘ningdan
Tortgan to‘ralar.
Kecha tuzingni yeb
Sotgan to‘ralar.
Endi pushaymonda,
Tuynuk mo‘ralar –
Men sening yoningdan
Jilmay sevaman.

Menga yering suyuk,
Osmoning suyuk.
Boqsam, teng to‘rttala
Tomoning suyuk.
Tovonimga kirgan
Tikoning suyuk –
Kaftdan zirapchang ham
Yulmay sevaman.

Cho‘ksang,
Tur, singlim deb,
Soching silayman.
So‘ksang,
Opam deyman,
Umring tilayman.
Sendan ranjimayman,
Gina qilmayman –
Xoh xo‘mray,
Xoh jilmay,
Birday sevaman.

Vatan
Yuragimning
Olampanohi,
Bu dunyo
Bukri bir
Jiydaning shoxi.
Ko‘zim yoshi bilan
Sug‘orib gohi
Ko‘ksimda o‘stirgan
Gulday sevaman.

Bu yorug‘ jahonda
Yo‘g‘-u borimsan,
Tilimning ostida
Novvot – zarimsan.
Sen mening yagona
Payg‘ambarimsan,
Men Bilol,
Men Habash –
Qulday sevaman!..

Muhammad YUSUF

Muzrabot TAKM mutaxassisi To’raqulova Roziya o‘qidi