“Asrlar osha asl shoiralar yashar qalbimizda”

Yangiliklar

“Asrlar osha asl shoiralar yashar qalbimizda”

O’ngimda ruhimga o’q otgan fikr,
Ko’nglimga bir yorug’ cho’g’ otgan fikr.
Uyqumda qonimni uyg’otgan fikr,
“Turklikning muqaddas o’chog’i Turon”.
Halima Xudoyberdiyeva
Xalima shoiragina emas, otashnafas publitsist hamdir. Ayniqsa, uning “Yuragimning og‘riq nuqtalari” to‘plamiga kirgan maqolalarida zamonamizning dolzarb muammolari haqida mushohada yuritiladi. Xalima Xudoyberdiyeva o‘zining “Muqaddas ayol” (1990) nomli she’riy to‘plami uchun Hamza nomidagi Resggublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1992-yilda esa unga “O‘zbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon berilgan.
Xalima Xudoyberdiyeva 1947-yil 17-mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida, dehqon oilasida tug‘ilgan. “Otam, – deb eslaydi shoira, – adabiyotga ixlosmand bo‘lib, o‘rtoqlari bilan tez-tez yig‘ilishib turishardi. Ular chaqchaqlashib suhbat qurib, kitobxonlik qilganlarida uyimizda tongotar bazm bo‘lardi. Qiblagohim otam kitoblar qiroatini joyiga keltirib, g‘alati, yurakni larzaga keltiruvchi bir xonish bilan o‘qirdilar. Ijodkor bo‘lib, ozgina nimagadir erishgan bo‘lsam, buning uchun men avvalo o‘z onam Sharofat Xonnazar qizi, otam Ummatqulboy Xudoyberdi o‘g‘lining, keyin onaizorim Qarshigul Xonnazar qizining poyiga bosh qo‘yib, ko‘nglimni izhor qilmog‘im lozim”. Xalimaxon ikki yoshida onasi Sharofat opa hayotdan ko‘z yumib, bo‘lg‘usi shoiraga xolasi Qarshigul Xonnazar qizi onalik qiladi.
Xudoyberdiyevaning ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, shu kungacha u yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlar, dostonlar va publitsistik maqolalar yaratdi. Xususan, uning “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog‘larim” (1976), “Bobo quyosh” (1977), “Issiq qor” (1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Yuragimning og‘riq nuqtalari” (1991), “Hurlik o‘ti” (1993), “Bu kunlarga yetganlar bor” (1994), “To‘marisning aytgani” (1996) kabi she’riy, nasriy majmualari keng kitobxon ommasining ma’naviy mulkiga aylangan.
Bugun Muzrabot tuman Axborot-kutubxona markazida sevimli shoiramizning 77- yilligiga atab “Asrlar osha asl shoiralar yashar qalbimizda” nomli kitob ko’rgazmasi tashkil qilindi. Ko’rgazmada shoiraning 4 jildlik saylanma kitoblari, bukletlari,rasmlari va bibliografik sharh joy oldi.