Kitob o’qigan odamning qanoti bor!

Yangiliklar

Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan kitob mutolaasi muhimligi, yoshlar, rahbarlar orasida bu fazilatni targʻib qilish haqida koʻp bora taʼkidlanmoqda. Amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy izchil islohotlar jarayonida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Aslida ham, kitob va kitobxonlik insonlar ong-tafakkurini teranlashtirib, qalbiga eng goʻzal ezgu niyatlarni joylaydigan, ularni yaxshiliklar olamiga yetaklaydigan maʼnaviyat sarchashmasidir. Shuning uchun har doim kitob oʻqishga ehtiyojimiz bor.

Baʼzan odam moddiy manfaatlar, zamon yangiliklari, internet tizimi ichra kuni va tuni qanday oʻtganini ham bilmay qoladi. Bunday yashash tarzidan zerikadi. Nimanidir sogʻinganday, izlab topa olmayotganday boʻlaveradi. Yuragi siqilib, goʻyoki oʻziga sigʻmaydi. Koʻngil bir ogʻiz shirin soʻz, bir taskin, malham istaydi.

Shunday paytda biz, albatta, kitob varaqlashga tushamiz. Koʻnglimizga yoqqan sheʼrmi, hikoyami – xoh u qatra boʻlsin yoki salmoqli qissa va romanmi – tuyqus oʻqiy boshlaymiz, oʻqiyveramiz. Nafaqat oʻqiymiz, balki asardagi voqealar rivojiga kirib ketamiz va oʻsha yerda yashaymiz…

Joriy yilning 15 aprel kuni Muzrabot tuman Axborot-kutubxona markazi mutaxassislari tuman markazida o’z ish faoliyatini olib borayotgan o’quv markazida bo’lishdi va kitob targ’ibotini o’tgazishdi. Targ’ibot davomida ko’ngillilarni kutubxona markaziga a’zo qilishib kerakli tavsiyalarni berishdi.