8—14-aprel kunlari mamlakatimizning barcha hududlari, mahallalar, vazirlik va idoralar, o‘quv muassasalari, korxona-tashkilotlarda «Xon atlas» haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Aholi va ayniqsa, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, milliylikni asrash, o‘zbekona kiyinish madaniyatini, milliy an’analarimizni keng targ‘ib qilish orqali qadimiy va barhayot urf-odat va qadriyatlarimizga xos betakror kiyinish uslublarini namoyish qilish ushbu haftalikning asosiy maqsadidir.
Haftalik doirasida turli fleshmoblar, milliy liboslar namoyishi va chellenjlar o‘tkazilayapti.
Bugun Muzrabot tuman Axborot-kutubxona markazida ham «Xonatlas» xaftaligi doirasida «Milliy va takrorlanmas matomiz atlas dunyo miqiyosida» nomli davra suhbati bo’lib o’tdi. Davra suhbatida atlasning kelib chiqish tarixi, xilma-xilligi, bugungi kundagi mavqeyi haqida so’zlashildi.
Darhaqiqat, bir paytlar onalarimiz, buvilarimiz ishga, mehmonga, to‘y-tadbirlarga kiygan betakror atlas matosidan tikilgan liboslarni zamona zaylimi yoki «yuvganda aynib ketadi» bahonasidami, xullas, besabab bir chekkaga surib qo‘yildi. Sandiqlarda qolib ketgan atlaslar, desak, ko‘plab xonadonlardan hatto sandiqlarning o‘zi ham allaqachon “badarg‘a” bo‘lib ketgan… Hatto kelinlar ham kiymay qo‘ygan atlasni ba’zan oynaijahon orqali raqqosa qizlar yoki maqom kuylayotgan ayol-qiz xonandalar egnida uchratish darajasiga yetib kelganimiz juda afsuslanarli holatdir.
«Xonatlas» haftaligi doirasidagi tadbirlarda milliy matolarimizning sardori bo‘lgan atlasning dunyoda tengi yo‘q, betakror, serjilo, kamalakrang ekanini, har qaysi opa-singlimizni bir zumda go‘zal malikaga aylantirib qo‘yishini yana bir karra anglayapmiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, atlasning tabiiy ipakdan to‘qilgan eng a’lo navi sakkiz tepkili xonatlas deb ataladi. Xonatlasning barcha siri uning tuzilishi va to‘qilish usulidadir.
Mutaxassislarga ko‘ra, to‘rt tepkili atlas to‘rt tepkili dastgohda, sakkiz tepkili atlas sakkiz tepkili dastgohda to‘qiladi. Tovusdek tovlanuvchi bu matoni to‘qish Marg‘ilonda juda qadimdan rivojlangan, boshqa joylarga shu yerdan tarqalgan.
Tabiiy ipakdan tayyorlangan, bugungi til bilan aytganda ekologik jihatdan xavfsiz, kiyganda tana yayraydigan atlasning «Nomozshomgul», «Chaqirim», «Qora atlas», «Yahudiy nusxa»,»Bargi karam», «Shaxmat», «Qora ko‘zim», «Sariq atlas» va boshqa ko‘plab turlari bor.
Jahon moda namoyishlarida, Xalqaro yarmarka va ko‘riklarda o‘zbek atlasidan tayyorlangan liboslar o‘zgacha qiziqish uyg‘otishi bilan birga sovrindi o‘rinlarga ham ko‘p bora munosib ko‘rilgan.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi asosida yaxshi niyatlar bilan boshlangan «Xonatlas» haftaligi bahonasida atlasdek o‘xshashi yo‘q matolarimizga opa-singillarning mehri yanada ortsa ajab emas.