“Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi, hududlarga “Kitoblar karvoni” yo‘l oldi
Prezidentimizning 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-9-son qaroriga muvofiq mamlakatimizda kitob mutolaasi madaniyatini keng targ‘ib qilish, yangi nashr va tarjimalarni ko‘paytirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobga qiziqishni oshirish, shuningdek, kutubxona va ta’lim muassasalarini sohaviy hamda kasbiy adabiyotlar bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Mazkur qaror ijrosi doirasida joriy yilning 10-15-fevral kunlari Surxondaryo viloyati shahar va tumanlarida 37 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirokida “Yosh kitobxon” tanlovining hududiy bosqichlari o‘tkazildi. Tanlov yakunida saralangan 150 nafar faol kitobxonni taqdirlash marosimi Termiz shahridagi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tanlov g‘oliblarini samimiy muborakbod etdi. Bilim va tafakkuri, mustaqil fikrlashi bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan yoshlar, ularning ota-onalari va ustozlariga minnatdorlik bildirildi. Yosh kitobxonlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Mas’ul tashkilotlarga bildirilgan takliflar asosida kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan aniq va samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Tadbirda qayd etilganidek, vohada kitobxonlik harakatini izchil davom ettirish maqsadida joriy yil mart oyida barcha tashkilot, idora va korxonalarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilari o‘rtasida ham kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi. G‘olibga avtomobil topshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tanlovning hududiy bosqichida saralangan 150 nafar yosh kitobxon tahsil olayotgan maktablarga 100 mingdan ortiq nusxadagi kitoblar jamlanmasi yetkazib berish maqsadida “Kitoblar karvoni” hududlarga yo‘lga chiqarildi.
Ma’lumot o‘rnida, Prezident tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi avtomobil bilan taqdirlanadi.

